Til – millatning ma’naviy boyligi. Til – millat birligi va birdamligining bosh belgisi. Aynan til, jamiyatni bir millat sifatida biriktiradi. O’zbekiston Respublikasining davlat tili o’zbek tilidir.
1989- yil 21-oktabr «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinib, o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun. Yillar davomida o’zbek tilining mavqeini yanada mustahkamlash, rivojlantirish uchun qator Qonun va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risidagi Farmoni bilan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo’linmasi hisoblangan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 19-oktabr kuni Chimboy tumanidagi 36-sonli chet tillariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida O’zbek tili bayrami kuni ko’tarinki ruhda nishonlandi. Tadbirni maktab direktori D.Eshimbetov kirish so’z bilan ochib berdi. “Tilga e’tibor – elga e’tibor” deya nomlangan adabiy kecha davomida o’quvchilar o’zbek tilining necha ming yillik tarixga ega ekanligini Rabg’uziy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg’ariy asarlarini o’qish orqali bilish mumkinligini ta’kidlashdi. O’zbek adabiy tilining shakllanishidagi Navoiy bobomizning tengsiz hissasi sharaf bilan tilga olindi. Turli sahna ko’rinishlari orqali o’zbek tilining sofligi, so’z boyligi yana bir bora namoyish etildi.
Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha bizning dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolaveradi.